Shrift o‘lchami: A A
Sayt rangi: A A

«ALSKOM» Sug'urta Kompaniyasi AJning aksiyadorlari 2016 yil bo'yicha Kompaniya faoliyati yakunlarini ko'rib chiqdi

«ALSKOM» Sug'urta Kompaniyasi AJning aksiyadorlari 2016 yil bo'yicha Kompaniya faoliyati yakunlarini ko'rib chiqdi
30 June 2017

2017 yil 29 iyunda «ALSKOM» Sug'urta Kompaniyasi AJning umumiy aksiyadorlar yig'ilishi bo'lib o'tdi. Bunda Kompaniya faoliyatining 2016 yil yakunlari hamda 2017 yilda uni rivojlantirish yo'nalishlari va vazifalari ko'rib chiqildi.

Yig'ilishda Kuzatuv Kengashi raisining Kuzatuv Kengashi faoliyati yakunlari bo'yicha hisoboti tinglandi. Aksiyadorlar Kuzatuv Kengashi raisining hisobotini tasdiqladilar hamda Kuzatuv Kengashi faoliyatini qoniqarli deb baholadilar. So'ng Kompaniya bosh direktori Tohirjon Iminov Kompaniyaning 2016 yil moliyaviy-xo'jalik faoliyati yakunlari to'g'risida hisobot berdi. 

2016 yilda tuzilgan sug'urta shartnomalari soni 346 mingtadan ortdi. Bu ko'rsatkich bo'yicha Kompaniya milliy sug'urta bozoridagi yetakchi uchlikdan joy oldi. Tuzilgan sug'urta shartnomalarining asosiy qismi jismoniy shaxslarga, ayniqsa olis qishloq hududlarda istiqomat qilayotgan aholiga sug'urta xizmatlarini ko'rsatish hisobiga ta'minlandi. Hisobot yilida Kompaniya tomonidan jami yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmi 39,1 mlrd. so'mni tashkil etib, o'tgan yilning shu davri ko'rsatkichidan 21,6% ga ko'paydi. Jami qabul qilingan sug'urta majburiyatlari hajmi 9,1 trln. so'mdan ortdi. 2016 yilda sug'urtaning barcha yo'nalishlari bo'yicha sug'urta mukofotlarining miqdoriy o'sish ko'rsatkichi kuzatildi. Jami yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmida majburiy sug'urta turining ulushi 27,8% ni tashkil etib, 2015 yil ko'rsatkichidan 6,2% punktga kamaydi. Bu Kompaniyaning moliyaviy barqarorligi va mustahkamligini saqlashga imkon yaratadi.

2016 yilda mamlakat viloyatlarida, xususan qishloq joylarda Kompaniyaning 14 ta qo'shimcha hududiy bo'linmalari ochildi. 2017 yil boshiga Kompaniyaning hududiy tarmog'i viloyat markazlari va Qoraqalpog'iston Respublikasida joylashgan 15 ta filial, tuman va uzoq qishloq joylarda faoliyat ko'rsatuvchi 103 ga yaqin bo'linmalar va qator sotuv shahobchalaridan tashkil topgan. Kompaniya hududiy tarmog'ining tarqalganlik darajasi bo'yicha milliy sug'urta bozozrida yetakchi uchlikka kiradi. Kompaniya filiallari tomonidan yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmi 34,3 mlrd. so'mni tashkil etib, o'tgan yilga nisbatan 23,2% ga ortdi. Jami yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmida hududiy filiallarning ulushi 87,8% ni tashkil etdi. Bu esa hududiy tarmoq Kompaniya sug'urta faoliyatining asosiy tarkibini egallaganligidan dalolat bermoqda.

Jami to'langan sug'urta qoplamalari miqdori 4,7 mlrd. so'mni tashkil etdi va bu ko'rsatkich o'tgan yilning shu davriga nisbatan 1,4 barobar ko'p demakdir.

2017 yilning boshiga Kompaniyaning jami investitsiya portfeli 45,2 mlrd. so'mdan ortdi, o'tgan yilga nisbatan o'sish 125,5% ni tashkil etdi. Investitsiya qo'yilmalarining asosiy qismi bank depozitlari, aksiyalar va ko'chmas mulkka to'g'ri keladi. Kompaniya aktivlarining keskin o'sishi ham kuzatildi. Agar 01.01.2016 yil holatiga ularning hajmi 43 mlrd. so'mni tashkil etgan bo'lsa, 01.01.2017 yil holatiga ushbu ko'rsatkich 54,7 mlrd. so'mga yetdi. Aytish joizki, aktivlarning o'tgan davrga nisbatan sezilarli darajada o'sishi Kompaniyaning qisqa muddatli investitsiyalarining o'sishi hisobiga ta'minlangan. Bugungi kunda, Kompaniyaning 1 380 so'm qiymatga ega bir dona aksiyasi 7 840 so'm miqdoridagi aktiv bilan ta'minlangan.

Shu bilan birga bosh direktor o'z chiqishida Kuzatuv Kengashi tomonidan tasdiqlangan 2017 yil Biznes-rejasining asosiy parametrlarini aksiyadorlarga taqdim etdi. Aksiyadorlar Kompaniya bosh direktori hisobotini tasdiqladilar, Kompaniyaning 2016 yildagi faoliyatini qoniqarli deb baholadilar hamda Kompaniyaning 2017 yil uchun faoliyatini rivojlantirishning asosiy yo'nalishlarini ma'qulladilar.

Kompaniyaning taftish komissiyasi va mustaqil auditorlik xulosalari tinglandi. Tekshiruvlar natijasida Kompaniyada buxgalteriya hisobi va hisobotlarini yuritish bo'yicha hech qanday xato-kamchiliklar aniqlanmaganligi ta'kidlandi. Shuningdek, Kuzatuv Kengashi va Taftish Komissiyasining yangi tarkibi saylandi.

Yig'ilishda aksiyadorlar Kompaniyaning 2016 yil uchun hisoboti, 2016 yil uchun sof foyda taqsimoti, Kompaniya affillangan shaxslar bilan tuzilishi kutilayotgan bitimlar, Kompaniyaning joriy xo'jalik faoliyati bilan bog'liq tuzilishi kutilayotgan yirik bitimlar hamda homiylik va beg'araz yordam ko'rsatishning chegaraviy miqdorlarini tasdiqladilar.

Yig'ilishda umumiy aksiyadorlar yig'ilishi kun tartibiga qo'yilgan boshqa masalalar ham ko'rildi. Kun tartibida qo'yilgan masalalar bo'yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.



Возврат к списку