Shrift o‘lchami: A A
Sayt rangi: A A

Обязательное страхование строительно - монтажных рисков "СМР"

Sug'urta qildiruvchi nima qilishi lozim:

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 20.12.1999 yildagi 532-sonli "Ob'ektlarni davlat mablag'lari va Hukumat kafolati ostidagi kreditlar hisobiga barpo etishda qurilish tavakkalchiliklarini majburiy sug'urta qilish to'g'risida"gi Nizomining bandlariga muvofiq quyidagilarni qilish lozim:

  • Sug'urta hodisasi boshlanganda sug'urtalanuvchi yoki sug'urta shartnomasi uning foydasiga tuzilgan shaxs, Sug'urtalovchining so'rovnomalarini yoki talablarini kutib o'tirmasdan, ko'rilishi mumkin bo'lgan zararlarni kamaytirishning imkoni bo'lgan barcha choralarni ko'rishi va 7 kalendar kunidan kechikmay Sug'urtalovchini sodir bo'lgan hodisadan yozma ravishda xabardor qilishi shart. Sug'urtalovchi xabarni olgandan so'ng 3 kun mobaynida ob'ektni ko'zdan kechirib chiqishga majbur.
  • Sug'urtalanuvchi mazkur mol-mulk bo'yicha boshqa sug'urta tashkilotlari bilan tuzilgan barcha sug'urta shartnomalari to'g'risida Sug'urtalovchini yozma ravishda xabardor qilishi shart.
  • Sug'urtalanuvchi barcha rejalar, spetsifikatsiyalar, topshiriqnomalar, dublikatlar yoki nusxalarni hamda sug'urta hodisasi boshlanishi holatlari va sabablari to'g'risida xulosa chiqarish imkonini beruvchi boshqa zarur hujjatlarni Sug'urtalovchiga taqdim etishi kerak.
  • Sug'urtalanuvchining yozma arizasi olinganidan so'ng va sug'urta tovoni to'lash to'g'risidagi masalani hal etish uchun zarur bo'lgan barcha hujjatlar olinganidan keyin komissiya tuziladi, komissiya tarkibiga Sug'urtalanuvchining va Sug'urtalovchining vakillari, shuningdek, zarurat bo'lganda manfaatdor shaxs hisobiga vakolatli tashkilotlarning vakillari kiritiladi.
  • Sug'urtalovchining vakillari vaziyatni, zarar xarakterini va miqdorini aniqlash uchun sug'urta hodisasi sodir bo'lgan joyga erkin kira olishi hamda Sug'urtalanuvchi va sug'urta shartnomasi uning foydasiga tuzilgan shaxsning tegishli hujjatlaridan bemalol foydalana olishi kerak.

Sug'urtalovchi va Sug'urtalanuvchi o'rtasida vaziyatlar, zararning xarakteri va miqdori bo'yicha kelishmovchiliklar bo'lgan taqdirda masala ekspert komissiyasi tomonidan hal qilinadi.

Har qaysi tomon o'z ekspertini tayinlaydi va bu to'g'rida ikkinchi tomonni xabardor qiladi hamda o'z eksperti xizmariga haq to'laydi.

Ushbu qoida tomonlarning kelishmovchiliklarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shakllarda hal etish bo'yicha huquqlarini cheklamaydi.

Sug'urtalanuvchi shikastlangan mol-mulk va hodisa ro'y bergan joy Sug'urtalovchining vakillari tomonidan ko'zdan kechirilgach hamda sug'urta hodisasi oqibatlarini bartaraf etish bo'yicha xatti-harakatlar Sug'urtalovchi bilan yozma ravishda kelishib olingandan keyin, imkoniyatga qarab sug'urta hodisasi oqibatlarini bartaraf etishga (almashtirishga, tuzatishga) kirishishi mumkin.

Sug'urtalovchi yoki uning vakili sug'urtalangan mol-mulkni qutqarishda va saqlab qolishda, buning uchun zarur choralarni ko'rgan yoki ko'rsatgan holda, qatnashish huquqiga ega. Sug'urtalovchining yoki uning vakillarining ushbu xatti-harakatlari Sug'urtalovchi tomonidan sug'urta tovonini to'lash majburiyatini e'tirof etish hisoblanmaydi.

Sug'urta tovoni sug'urta hodisasi e'tirof etilganidan va ko'rilgan zarar miqdorini hamda to'lanishi kerak bo'lgan sug'urta tovoni summasini aniqlovchi dalolatnoma komissiya tomonidan imzolanganidan keyin besh bank kuni mobaynida to'lanishi kerak.

Nobud bo'lgan mol-mulk uchun tovon summasi uni tiklash yoki sug'urta hodisasi vaqtidagi almashtirishlar qiymati bilan, ushbu summalardan qaysi biri kamroqligidan kelib chiqqan holda cheklanadi.

Shikastlangan mol-mulkni tuzatish xarajatlari uning haqiqiy qiymatidan yoki sug'urta hodisasi vaqtidagi almashtirish qiymatidan ortib ketgan taqdirda u nobud bo'lgan deb hisoblanadi.

Mol-mulk shikastlangan taqdirda uni bevosita sug'urta hodisasi boshlanishidan oldingi holatiga keltirish uchun zarur tuzatish xarajatlari to'lanadi.

Sug'urtalovchi zararni bartaraf etish yoki kamaytirish maqsadida qilingan xarajatlarni, agar ushbu zarar sug'urta shartlariga ko'ra to'lanishi kerak bo'lsa, to'laydi.

Agar aynan bir sug'urta hodisasi sug'urta shartnomasi ular foydasiga tuzilgan bir nechta shaxslarga zarar yetkazgan bo'lsam umumiy tovon summasi ushbu shaxslar o'rtasida har qaysi shaxs ko'rgan zararning umumiy zarar summasidagi miqdoriga mutanosib ravishda taqsimlanadi.

Agar sug'urta hodisasi boshlangan vaqtda Sug'urtalovchi tomonidan sug'urtalangan mol-mulkka nisbatan boshqa sug'urta shartnomalari amal qilayotgan bo'lsa, zarar tovoni har qaysi Sug'urtalovchi tomonidan mol-mulk sug'urtalangan sug'urta summalariga mutanosib ravishda taqsimlanadi va Sug'urtalovchi zarar tovonining faqat o'z ulushiga tushgan qisminigina to'laydi.

Sug'urtalovchi sug'urta tovonini to'lash bo'yicha o'z majburiyatlarini bajarish muddatini o'tkazib yuborganlik uchun Sug'urtalanuvchiga to'lov muddati o'tgan har bir kun uchun, to'lanishi kerak bo'lgan sug'urta tovoni summasining 0,15 foizi miqdorida, lekin to'lanishi kerak bo'lgan summaning ko'pi bilan 10 foizi miqdorida neustoyka to'laydi. Neustoyka to'lovi Sug'urtalovchini sug'urta tovonini to'lash majburiyatidan ozod etadi.

Agar zarar summasi zarar yetkazishda aybdor bo'lgan shaxs tomonidan to'liq to'langan bo'lsa, Sug'urtalanuvchi sug'urta tovoniga bo'lgan huquqini yo'qotadi.

Agar zarar qisman yoki to'lanadigan sug'urta tovonidan kamroq miqdorda undirilgan bo'lsa, bu holda u Sug'urtalanuvchi yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxsdan olgan summani hisobga olgan holda to'lanadi.

Sug'urta tovoni to'langandan keyin Sug'urtalanuvchi yoki sug'urta shartnomasi uning foydasiga tuzilgan shaxs yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxslarga nisbatan zararni to'latishni talab qilish huquqi, to'langan summa doirasida, Sug'urtalovchiga o'tadi. Sug'urtalanuvchi barcha hujjatlarni Sug'urtalovchiga berishga va aybdor shaxsga nisbatan talab qilish huquqini amalga oshirish uchun zarur bo'lgan barcha xatti-harakatlarni qilishga majbur.

Agar sug'urta holati:

  • Sug'urtalanuvchining yoki sug'urta shartnomasi uning foydasiga tuzilgan shaxsning ataylab qilingani isbotlangan, sug'urta hodisasi boshlanishiga yo'naltirilgan xatti-harakatlar sodir etganligi, ularning o'z fuqarolik burchini bajarishi yoki Sug'urtalanuvchining yoki uchinchi shaxslarning hayotini, salomatligini, sha'ni va qadr-qimmatini muhofaza qilish bilan bog'liq xatti harakatlar bundan mustasno;
  • sug'urtalash ob'ekti, tavakkalchilik darajasi, sug'urta hodisasi va uning oqibatlari to'g'risida Sug'urtalovchiga soxta ma'lumotlarni qasddan xabar qilganlik;
  • Sug'urtalovchini tavakkalchilikdagi jiddiy o'zgarishlar, shuningdek, Sug'urtalanuvchiga va sug'urta shartnomasi ularning foydasiga tuzilgan shaxslarga ma'lum bo'lgan xatolar, kamchiliklar va nuqsonlar to'g'risida xabardor qilmaganlik hamda Sug'urtalovchining yoki uning vakilining vaziyatni, zararning xarakterini va miqdorini aniqlashda qatnashishga to'sqinlik qilganlik;
  • O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlar oqibatida sodir bo'lganda Sug'urtalovchi sug'urta tovonini to'lashni rad etishga haqlidir.

Sug'urtalovchi sug'urtalanuvchi yoki sug'urta shartnomasi uning foydasiga tuzilgan shaxs tomonidan zararni bartaraf etish va qisqartirishga doir oqilona chora-tadbirlar ko'rilmaganligi tufayli yetkazilgan zarar darajasida sug'urta tovoni to'lashni rad etishga ham haqlidir.